«Zo‘rdan zo‘r chiqsa» spektaklining premyerasi bo‘lib o‘tdi

Jizzax viloyat musiqali drama teatrida Shoxruh Yo‘ldashev tomonidan sahnalashtirilgan Sh.Boshbekovning «Zo‘rdan zo‘r chiqsa» spektakli premyerasi bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilning 3-iyun kuni taqdim etilgan mazkur premyerada spektaklga qiziqish bildirgan aholi bilan bir qatorda harbiylar ham qatnashishdi.

Mazkur asar Fransuz dramaturgi Jan Batist Molyerning  “Zo‘raki tabib” pyesasi asosida o‘zbek dramaturgi Sharof Boshbekov tomonidan yozilgan.

Asarda Boy ota qizini o‘zi suygan yigitiga emas, balki davlatmand qari cholga bermoqchi bo‘ladi. Kuyov bo‘lmishning yoshi qaynotanikidan ham katta bo‘ladi.  Qiz cholga turmushga chiqmaslik uchun o‘zini kasalga soladi.

Qizning xolavachchasi voqea haqida oshiq yigitga xabar beradi. Oshiq yigitning xizmatkori sevishganlarni  bir-biriga yetishtirish maqsadida Boy otaning uyiga tabib sifatida keladi.

Chuv tushgan Boy ota “tabib”ning karomatiga ko‘r-ko‘rona ishonib, qizini davolashi uchun unga sharoit yaratib beradi. Tabib bir paytning o‘zida o‘z egizak ukasining rolini ham o‘ynaydi va tasodiflar to‘la kutilmagan vaziyatlarga tushadi. Ammo o‘z aqli bilan hamisha boshi berk ko‘chadan chiqib ketadi.

Voqealar shunday rivojlanadiki, spektakl so‘ngida ota o‘z qizini badavlat kuyovga emas, sevgan yigitiga uzatishga ahd qiladi. Sevishganlar o‘z orzulariga yetishadi. Tabib — xizmatkor yigit ham o‘z baxtini topadi.

Spektakl tomoshabinlarga manzur bo‘ldi.