«Toj» spektakli namoyish etildi

Jizzax musiqali drama teatri jamoasi “Teatr oyligi” doirasida o‘z faoliyatini qizg‘in davom ettirmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasining 2023-yil 22-apreldagi 02-PA 2/1-1027-son hamda Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 26-apreldagi 21/1-884-son topshirig‘i asosidagi reja-grafik ijrosiga ko‘ra 29-may kuni teatrda “Toj” spektakli namoyish etildi.

Sulton Rayev muallifligidagi mazkur asar rejissyor Farhod Boynazarov tomonidan sahnalashtirilgan.

Spektaklda inson shaxs sifatida shakllanib borar ekan, hayot yo‘lining eng avj pallasida shohona hayotga, to‘kin-sochinlikka erishishni orzu qilib yuksaklikka qarab intilaveradi. Orzu- havasi yo‘lida halollik bilan bosilgan ilk qadamlar atrof-muhit,oila va boshqa faktorlar ta’sirida ochko‘zlikka aylanib, oxir-oqibat o‘z tanlagan yo‘lining qurboniga aylanishiga olib keladi.

Asarda ikki xil manzarani ko‘rish mumkin. Birinchi xolat mansabga intilgan odamning botiniy va zoxiriy ko‘rinishi bo‘lsa, ikkinchi holatda insonning bosib o‘tgan hayot yo‘lidagi to‘g‘ri-noto‘g‘ri qadamlari, gunoh-savob amallari, bu dunyoda shaxs sifatida qoldiradigan yorqin yoki chirkin izi xususida o‘z vijdoni oldidagi sarhisobidir.